Firibgarlar zararli dasturlarni tarqatish uchun messenjerlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Foydalanuvchilarga surat, hujjat, bildirishnoma yoki foydali ilova ko‘rinishida fayllar yuboriladi. Bunday fayllarni o‘rnatish natijasida firibgarlar shaxsiy ma’lumotlar va bank hisobvaraqlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
2026-yilda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi kiberjinoyatlarning qariyb 38 foizi zararli dasturlardan foydalanish bilan bog‘liq. Bunday dasturlarni tarqatish usullaridan biri Telegram va boshqa aloqa kanallari orqali APK-fayllarni yuborishdir.
Firibgarlik sxemasi qanday ishlaydi?
Foydalanuvchiga suratni ko‘rish, hujjat bilan tanishish yoki ilova o‘rnatish taklif qilingan xabar keladi. Uni notanish odam ham, akkaunti avvalroq buzib kirilgan tanishi ham yuborishi mumkin.
Oddiy surat yoki hujjat o‘rniga xabarda APK-fayl, ya’ni Android qurilmalariga ilova o‘rnatish uchun mo‘ljallangan fayl bo‘ladi. O‘rnatilgandan so‘ng zararli dastur SMS-xabarlar, bildirishnomalar, qurilmaning maxsus imkoniyatlari va boshqa funksiyalaridan foydalanish uchun ruxsat so‘rashi mumkin.
Firibgarlar olingan ruxsatlardan tasdiqlash kodlarini qo‘lga kiritish, maxfiy ma’lumotlarni yig‘ish va foydalanuvchining roziligisiz moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalanishi mumkin. Bunda foydalanuvchi shubhali harakatlarni darhol sezmasligi ham mumkin.
Shuni tushunish muhimki, xavf xabarning o‘zida emas, balki zararli ilovani o‘rnatish va unga qurilmadan foydalanish uchun ruxsat berishda.
Firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?
Click, hatto fayl tanish inson tomonidan yuborilgan bo‘lsa ham, noma’lum manbalardan ilovalar o‘rnatmaslikni tavsiya qiladi. Ilovalarni rasmiy do‘konlardan yuklab olish, bunda ularni ishlab chiqqan tashkilot haqidagi ma’lumotlarni tekshirish lozim.
Ilova so‘rayotgan ruxsatlarga alohida e’tibor berish kerak. Surat yoki oddiy hujjatni ko‘rish uchun qo‘shimcha ilova o‘rnatish talab etilmaydi. Moliyaviy operatsiyalarga aloqasi bo‘lmagan dasturlar esa tushunarli sababsiz SMS-xabarlar va qurilmani boshqarish imkoniyatlariga kirishni so‘ramasligi kerak.
Agar shubhali APK-fayl allaqachon o‘rnatilgan bo‘lsa, qurilmani zudlik bilan internetdan uzish va boshqa telefon orqali yordam so‘rash kerak. Bank bilan bog‘lanish, kartalardagi operatsiyalarni tekshirish va begona shaxslarning moliyaviy xizmatlardan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish zarur.
Click foydalanuvchilar mablag‘larini himoya qilish vositalarini, jumladan shubhali faollikni aniqlashga yordam beradigan «Antifrod» tizimini muntazam takomillashtirib bormoqda. Biroq xavfsizlik foydalanuvchining o‘z harakatlariga ham bog‘liq.
Shubhali operatsiyalar aniqlansa, +998 71 231 08 80 raqami orqali Click qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish yoki Click SuperApp’dagi «Firibgarlik haqida xabar berish» mini-ilovasi orqali xabar yuborish mumkin.
Click eslatadi: faqat xabar yuborgan odam so‘ragani uchun noma’lum ilovalarni o‘rnatmang. Hatto bitta zararli fayl ham shaxsiy ma’lumotlaringiz va pul mablag‘laringizni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.