Kartadan kartaga pul o‘tkazish odamlar o‘rtasidagi odatiy hisob-kitob usuliga aylangan. Bu usuldan tovar xarid qilish, xizmatlar uchun haq to‘lash va kundalik oldi-sotdi jarayonlarida keng foydalaniladi. Biroq firibgarlar soxta cheklar, skrinshotlar va hatto haqiqiy to‘lov ilovalariga o‘xshash interfeyslar yordamida pul o‘tkazmasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgandek ko‘rsatishni o‘rganib olgan.
Click foydalanuvchilarni bunday firibgarlik usullaridan ogohlantiradi va pul haqiqatan ham hisobga kelib tushganini qanday tekshirish kerakligini eslatadi.
Firibgarlar pul o‘tkazmalarini qanday soxtalashtiradi?
Keng tarqalgan usullardan biri ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va onlayn savdo platformalari orqali tovar sotish bilan bog‘liq. Xaridor smartfon, maishiy texnika yoki boshqa mahsulotni sotib olishga kelishadi va to‘lovni bank kartasiga pul o‘tkazish orqali amalga oshirishni taklif qiladi.
Karta ma’lumotlarini olgach, firibgar sotuvchiga go‘yoki muvaffaqiyatli amalga oshirilgan pul o‘tkazmasini telefon ekranida ko‘rsatadi yoki elektron chek yuboradi. Tasvirda to‘lov summasi, sanasi, operatsiya raqami, logotip va haqiqiy to‘lov xizmatiga xos boshqa elementlar bo‘lishi mumkin.
Aslida esa hech qanday pul o‘tkazmasi amalga oshirilmagan bo‘lishi mumkin. Firibgarlar soxta tasdiqnomalar tayyorlash uchun grafik muharrirlar, maxsus dasturlar va ommabop ilovalar interfeysining nusxalaridan foydalanadi.
Bunday firibgarlik sotuvchining ishonchiga asoslanadi: u tanish logotip va operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangani haqidagi xabarni ko‘rib, pul o‘z hisobiga tushganini tekshirmasdan tovarni topshiradi.
Bunday usullar nafaqat qimmatbaho texnika savdosida, balki jismoniy shaxslar o‘rtasidagi deyarli har qanday oldi-sotdi bitimida qo‘llanishi mumkin.
Pul haqiqatan ham kelib tushganini qanday tekshirish mumkin?
Xavfsizlikning eng muhim qoidasi — pul kelib tushganini mustaqil ravishda tekshirish va faqat jo‘natuvchi ko‘rsatgan ma’lumotga ishonib qolmaslik.
Click o‘z bank yoki to‘lov ilovangizni ochib, karta balansini, operatsiyalar tarixini va kelib tushgan pul o‘tkazmasi haqidagi ma’lumotlarni tekshirishni tavsiya qiladi.
Shuni unutmaslik kerakki, skrinshot, elektron chek yoki boshqa odamning telefonidagi ekran pulning haqiqatan ham kelib tushganiga kafolat bo‘la olmaydi. Tasvir ishonchli ko‘rinsa va unda barcha kerakli rekvizitlar mavjud bo‘lsa ham, uni soxtalashtirish mumkin.
Agar pul hisobingizda aks etmasa, tovarni topshirmaslik va bitimni yakunlangan deb hisoblamaslik kerak. Ayrim hollarda pul o‘tkazmasini qayta ishlash uchun qo‘shimcha vaqt talab qilinishi mumkin. Biroq jo‘natuvchining operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangani haqidagi xabari pul kelib tushganini tasdiqlamaydi.
Xaridor sotuvchini shoshiltirsa, to‘lov tasdiqlanishini kutishdan bosh tortsa yoki pul keyinroq albatta tushishini aytsa, ayniqsa ehtiyotkor bo‘lish zarur.
Firibgarlikdan shubhalanganda nima qilish kerak?
Agar xaridor shubhali chek yoki pul o‘tkazmasi tasdiqnomasini taqdim etsa, operatsiyani mustaqil tekshirish lozim. Click orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmasi bo‘yicha savollar tug‘ilsa, +998 71 231 08 80 raqami orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish mumkin.
Agar tovar topshirilgan, biroq pul kelib tushmagan bo‘lsa, yozishmalarni, xaridorning aloqa ma’lumotlarini, taqdim etilgan to‘lov tasdiqnomalarini va bitimga oid boshqa ma’lumotlarni saqlab qo‘yish kerak. Ushbu materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishda yordam berishi mumkin.
Click xavfsizlik mexanizmlari va firibgarlikka qarshi kurashish vositalarini muntazam takomillashtirib bormoqda. Shu bilan birga, kompaniya foydalanuvchilarning o‘zlari ham, ayniqsa notanish odamlar bilan pul o‘tkazmalari orqali hisob-kitob qilayotganda, hushyor bo‘lishi muhimligini eslatadi.
Click eslatadi: to‘lov amalga oshirilganining ishonchli tasdig‘i — pulning haqiqatan ham hisobingizga kelib tushganidir. Skrinshotlar va boshqalarning telefon ekraniga ishonib qolmang — pul tushganini o‘zingiz tekshiring.