Публичная оферта правила проведения акции "Click Chempion"

  1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. Ushbu «Click Chempion» aksiyasini (keyingi o‘rinlarda – Aksiya) o‘tkazish Qoidalari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi hamda Aksiyada ishtirok etish shartlarini, topshiriqlarni bajarish, o‘yin urinishlarini hisoblash, G‘olibni aniqlash va sovrinni olish tartibini belgilaydi.

1.2. Aksiyadan maqsad – Click SuperApp servisi foydalanuvchilarining faolligini oshirish va mini-applardan foydalanishni rag‘batlantirishdir.

1.3. Aksiya elektron formatda Click SuperApp ilovasi orqali o‘tkaziladi va o‘yin mini-ilovasi (mini-app) ko‘rinishida foydalanish mumkin bo‘ladi.

1.4. Aksiya lotereya, tavakkalchilikka asoslangan o‘yin yoki boshqa qimor o‘yini hisoblanmaydi hamda Ishtirokchilar tomonidan ishtirok etish yoki yutish imkoniyati uchun haq to‘lashni nazarda tutmaydi. Ishtirokchilar mulkiy tavakkalchilikka ega emaslar.

1.5. Aksiya ushbu Qoidalar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq o‘tkaziladi.

1.6. Aksiyaning sovrin jamg‘armasi faqat Tashkilotchi mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.

 

  1. TASHKILOTCHI HAQIDA MA’LUMOTLAR

2.1. Aksiyaning Tashkilotchisi:

«CLICK» AJ

STIR: 302 134 733

Yuridik manzili: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Mirzo Ulug‘bek tumani, Salar bo‘yi ko‘chasi, 35A.

2.2. Tashkilotchi Aksiyani o‘tkazish va unga yakun yasash bo‘yicha umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, shuningdek, ushbu Qoidalarga rioya etilishini ta’minlaydi.

 

  1. AKSIYANI O‘TKAZISH MUDDATLARI VA JOYI

3.1. Aksiya O‘zbekiston Respublikasining butun hududida o‘tkaziladi.

3.2. Aksiyani o‘tkazish davri 2026-yil 26-fevraldan 2026-yil 13-aprelgacha (shu kuni ham) davom etadi.

3.3. Ushbu Qoidalarda ko‘rsatilgan barcha muddatlar Toshkent vaqti (UTC +5) bilan hisoblanadi.

 

  1. AKSIYA ISHTIROKCHILARI

4.1. Aksiyada ishtirokchilari (keyingi o‘rinlarda – Ishtirokchilar) bo‘lib 18 yoshga to‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, uning hududida istiqomat qiluvchi, Click SuperApp servisida ro‘yxatdan o‘tgan va identifikatsiyadan o‘tgan, ushbu Qoidalarga muvofiq Aksiyada ishtirok etish uchun barcha majburiy harakatlarni bajargan muomalaga layoqatli jismoniy shaxslar bo‘lishi mumkin.

4.2. Quyidagilar mustasno bo‘lgan holda, ushbu Qoidalarning 4.1-bandi shartlariga javob beradigan shaxslar ishtirok etishga ruxsat etiladi:

  • Tashkilotchi xodimlari;
  • Hamkorlarning xodimlari (Tashkilotchi tomonidan Aksiyani amalga oshirish uchun jalb qilingan shaxslar va/yoki tashkilotlar, jumladan, sayyohlik agentliklari, turoperatorlar va Aksiyani o‘tkazishni ta’minlashda ishtirok etuvchi boshqa kontragentlar);
  • Tashkilotchi bilan Aksiya tashkil etish va o‘tkazish doirasida fuqarolik-huquqiy va boshqa munosabatlarga kirishgan uchinchi shaxslarning vakillari;
  • yaqin qarindoshlar (er/xotin, o‘g‘il, qiz, ona, ota, aka-uka, opa-singil, buvi, bobo);
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari.

4.3. Ushbu Qoidalarning 4.2-bandida ko‘rsatilgan shaxsning ishtirok etish fakti aniqlanishi, bunday shaxsni Aksiyadan chetlatish uchun asos bo‘ladi.

4.4. Aksiyada ishtirok etish Ishtirokchining ushbu Qoidalarga to‘liq roziligini anglatadi.

 

  1. AKSIYADA ISHTIROK ETISH SHARTLARI

5.1. Aksiyada ishtirok etish uchun Ishtirokchi Click SuperApp ilovasidagi Aksiya sahifasida mavjud bo‘lgan topshiriqlarni bajarishi kerak.

5.2. Topshiriqlarni bajarganlik uchun Ishtirokchiga o‘yin mini-ilovasida foydalanish uchun mo‘ljallangan o‘yin urinishlari (keyingi o‘rinlarda – «zarbalar») beriladi.

5.3. Mini-appda taqdim etilgan har bir zarba Ishtirokchiga darvoza tomon zarba berish imkonini beradi. Faqat gol bilan yakunlangan muvaffaqiyatli zarba Ishtirokchining o‘yindagi imkoniyati (shansi) sifatida hisobga olinadi.

5.4. Gollar soni Ishtirokchining sovrinlar o‘yinidagi imkoniyatlari sonini belgilaydi. Har bir hisoblangan gol o‘yinda ishtirok etish uchun bitta imkoniyat beradi va qancha ko‘p gol urilsa, Ishtirokchi o‘yinda ishtirok etish uchun shuncha ko‘p imkoniyatga ega bo‘ladi.

5.5. Har bir Ishtirokchi Aksiya o‘tkazilishining butun davri davomida kuniga bitta bepul zarba berish huquqiga ega.

5.6. Foydalanuvchi ushbu Qoidalarni akseptlagan (qabul qilgan) va ularda belgilangan shartlarga rioya qilgan paytdan boshlab Aksiya Ishtirokchisiga aylanadi.

 

  1. AKSIYA SOVRINLARI VA G‘OLIBLARNI ANIQLASH

6.1. Aksiya G‘oliblari Sovrin sifatida 2026-yil 23-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari (keyingi o‘rinlarda – AQSh) Xyuston shahrida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionatining O‘zbekiston – Portugaliya o‘yiniga yo‘llanma oladilar.

6.2. Yo‘llanma o‘z ichiga quyidagilarni oladi:

  • Toshkent – Xyuston – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta (almashib o‘tishlar bilan, AQSh ichki reyslarini ham qo‘shgan holda);
  • safar davomida Xyustondagi mehmonxonada yashash;
  • O‘zbekiston – Portugaliya o‘yiniga chipta;
  • AQSh vizasini rasmiylashtirish uchun bitta viza xizmati.

6.3. O‘ynaladigan sovrinlar soni – 5 dona.

6.4. Sovrin Aksiya G‘olibiga sertifikat ko‘rinishida beriladi.

6.5. Aksiya G‘olibining safar doirasidagi xarajatlari miqdori sertifikat summasidan oshib ketgan hollarda, Aksiya G‘olibi bunday xarajatlar uchun mustaqil ravishda javobgar bo‘ladi.

6.6. Safarning turi, vaqti va boshqa shartlari Aksiya Tashkilotchisi va Aksiya doirasida turistik xizmatlar ko‘rsatuvchi hamkor (turoperator) o‘rtasidagi alohida kelishuv doirasida muvofiqlashtiriladi.

6.7. Ushbu Qoidalarning 6.4-bandida ko‘rsatilgan sertifikat Aksiya G‘olibi nomiga beriladi va sertifikatda ko‘rsatilgan muddat davomida foydalanilishi kerak. Aksiya G‘olibi sertifikatni uchinchi shaxsga foydalanish uchun o‘tkazishga haqli, basharti bunday shaxsning shaxsi belgilangan tartibda tasdiqlangan bo‘lsa. Sertifikatni uchinchi shaxslarga o‘tkazish va ular tomonidan foydalanish bilan bog‘liq barcha risklarni Aksiya G‘olibi o‘z zimmasiga oladi.

6.8. G‘oliblar 2026-yil 15-aprelda barcha amaldagi o‘yin imkoniyatlari orasida random.org tasodifiy sonlar generatoridan foydalangan holda aniqlanadi.

6.9. Sovrinlar o‘yinini o‘tkazish muddatlari Tashkilotchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan dam olish va bayram kunlarini inobatga olgan holda, shuningdek, Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar yuzaga kelganda o‘zgartirilishi mumkin.

6.10. G‘oliblarni aniqlash natijalari Click’ning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi. Qo‘shimcha ravishda, g‘oliblar ularning profilida ko‘rsatilgan aloqa ma’lumotlari orqali xabardor qilinadi.

6.11. Click SuperApp profilidagi identifikatsiya ma’lumotlari shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardagi ma’lumotlarga mos kelishi kerak. Tafovutlar mavjud bo‘lgan taqdirda, Tashkilotchi qo‘shimcha hujjatlarni so‘rashga va/yoki nomuvofiqlik tasdiqlangan taqdirda sovrinni berishni rad etishga haqli.

6.12. Talab qilinmagan sovrin Tashkilotchining mulki hisoblanadi.

6.13. Firibgarlik, Qoidalarni buzish yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganligi to‘g‘risida ma’lumot aniqlangan taqdirda, Tashkilotchi G‘olibning sovrinni olish huquqini bekor qilishga haqli.

6.14. G‘olibning sovrinlarni olishda zarur hujjatlarni imzolashdan va/yoki boshqa yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishdan, jumladan talab qilinadigan hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortishi G‘olibning Aksiya Sovrinini olishdan voz kechishi sifatida baholanadi.

6.15. Agar G‘olib Aksiya Sovrinini olishdan voz kechsa yoki Aksiya natijalari e’lon qilingan paytdan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida uni olish niyatini bildirmasa, sovrin talab qilinmagan deb hisoblanadi, o‘yin G‘olibining Sovrinni olish huquqi esa – yo‘qolgan deb hisoblanadi. Sovrinni olishdan voz kechgan yoki ko‘rsatilgan muddatda uni olish niyatini bildirmagan o‘yin G‘olibi ushbu muddat o‘tgandan keyin Tashkilotchidan talab qilinmagan Sovrinni talab qilishga haqli emas.

6.16. G‘olib Sovrindan voz kechgan yoki u talab qilinmagan taqdirda, Tashkilotchi ushbu Sovrinni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish, jumladan, uni qayta o‘ynash, qayta taqsimlash yoki o‘z xohishiga ko‘ra boshqacha foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

6.17. Tashkilotchi to‘lovlar bo‘yicha soliq agenti sifatida ish yuritadi hamda, agar qonunda boshqacha tartib to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan soliqlar va yig‘imlarni belgilangan tartibda ushlab qoladi va o‘tkazadi.

6.18. Tashkilotchi Aksiya G‘olibi tomonidan Sovrinni olish, unga egalik qilish va uni tasarruf etish bilan bog‘liq boshqa to‘lovlar va yig‘imlarning amalga oshirilishi va to‘lanishi uchun javobgar emas.

6.19. Sovrinlar g‘olib tomonidan o‘z shaxsi tasdiqlanganidan va ishtirok etish shartlariga muvofiqligi tekshirilganidan so‘ng beriladi.

6.20. Sovrin G‘olibga topshirilgan paytdan boshlab topshirilgan deb hisoblanadi.

6.21. Sovrinlarning pul ekvivalentini berish, shuningdek, boshqa Sovrinlar bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

6.22. Sovrinni olish huquqi uchinchi shaxsga o‘tkazilishi yoki berilishi mumkin emas.

 

  1. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI

7.1. Tashkilotchi quyidagilar uchun javobgar emas:

  • Ishtirokchi tomonidan ma’lumotlarning noto‘g‘ri ko‘rsatilganligi;
  • Aksiya shartlariga rioya qilinmaganligi;
  • ko‘rsatilgan ma’lumotlar orqali G‘olib bilan bog‘lanish imkonsizligi.

7.2. Tashkilotchi Aksiya Qoidalari buzilganligi, jumladan, noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etish, firibgarlikka urinishlar, begona dasturiy ta’minotdan foydalanish, topshiriqlarni bajarish bilan bog‘liq manipulyatsiyalar aniqlangan taqdirda, sovrinni berishni rad etishga haqli.

7.3. Tashkilotchi viza olinishi uchun, shuningdek, viza berish rad etilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun javobgar emas. Sovrin viza olish imkoniyati va Ishtirokchi tomonidan yo‘llanmadan foydalanilishidan qat’i nazar topshirilgan deb hisoblanadi.

7.4. Tashkilotchi Aksiya Sovrinlari tarkibiga kiruvchi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, jumladan, safarni tashkil etish va o‘tkazish uchun javobgar emas.

7.5. Tashkilotchi G‘olibning ushbu Qoidalarning 6.2-bandida ko‘rsatilgan sovrin paketiga kirmaydigan xarajatlari uchun javobgar emas.

7.6. Tashkilotchi yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari, jumladan, tabiiy ofatlar, aloqa ishidagi uzilishlar, davlat organlari tomonidan taqiqlar va cheklovlar hamda boshqa kutilmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, oluvchilarni aniqlash va sovrinlarni berish bilan bog‘liq majburiyatlarning bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi uchun javobgar emas.

7.7. Fors-major holatlari yuzaga kelganda sovrinlarni berish va tartib-taomillarni o‘tkazish muddatlari tegishli ravishda uzaytirilishi mumkin; uzaytirish to‘g‘risida Tashkilotchi ishtirokchilarni rasmiy kanallar orqali xabardor qiladi.

 

  1. SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLAR

8.1. Aksiyada ishtirok etib, Ishtirokchi o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarini Aksiyani o‘tkazish maqsadida qayta ishlash, saqlash va foydalanishga, jumladan, bunday ma’lumotlarni Aksiyani tashkil etish va o‘tkazilishini ta’minlash uchun Tashkilotchi tomonidan jalb qilingan uchinchi shaxslarga (Hamkorlarga) o‘tkazishga rozilik beradi.

8.2. G‘olib Click’ning Aksiya o‘tkazilishi bilan bog‘liq reklama va axborot materiallarida o‘z ismi va fotosuratining e’lon qilinishiga rozilik beradi.

8.3. Shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

 

  1. BOSHQA SHARTLAR

9.1. Aksiya haqidagi ma’lumotlar Click’ning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida va www.click.uz saytida joylashtiriladi.

9.2. Tashkilotchi Click’ning rasmiy kanallari orqali ishtirokchilarni xabardor qilgan holda, Aksiyani o‘tkazish shartlariga va uni o‘tkazish muddatlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega.

9.3. Ushbu Qoidalarda nazarda tutilmagan barcha holatlarda Tashkilotchi va Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga amal qiladilar.