"Yashil Meros" xizmatining foydalanuvchi kelishuvi 2.0

ATAMALAR VA TA’RIFLAR

Operator – “CLICK” aksiyadorlik jamiyati to‘lov tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs (STIR: 302134733), O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, «Darxon» MFY, Salar buyi ko‘chasi, 35A-uy manzilida joylashgan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yil 22-iyundagi 1-sonli litsenziyasi asosida to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshiradi.

Click SuperApp mobil ilovasi (keyingi o‘rinlarda “Mobil ilova” deb yuritiladi) Operatorga tegishli hamda foydalanuvchilar Operatorning Servislaridan foydalanishi mumkin bo‘lgan mobil qurilmalar uchun ilova ko‘rinishidagi apparat-dasturiy kompleks.

«Yashil Meros 2.0» servisi (keyingi o‘rinlarda «Servis» deb yuritiladi) – atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini ommalashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, Operator tomonidan mobil ilova doirasida taqdim etiladigan funksional imkoniyat. Servis faqat Mobil ilova interfeysi doirasida raqamli muhitda ishlaydi va foydalanuvchilarga moddiy qimmatliklarni yoki moliyaviy mukofotlar berilishini nazarda tutmaydi.

Foydalanuvchilar – Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan Operator Servislaridan foydalanadigan muomalaga qobiliyatli shaxslar.

Ekoballar (ekologik ballar) – Servis doirasida foydalanuvchilarga belgilangan shartlarni bajarganlik uchun beriladigan yoki pul mablag‘lari evaziga sotib olinadigan raqamli rag‘batlantirish birliklari. Ekoballar elektron pul, to‘lov vositasi, kripto aktiv yoki qimmatli qog‘oz hisoblanmaydi, milliy yoki xorijiy valyutaga konvertatsiya qilinmaydi, Operator oldidagi hech qanday moliyaviy majburiyatni tasdiqlamaydi hamda Operator tomonidan ularni qaytarib sotib olish yoki to‘lab berish majburiyatini nazarda tutmaydi. Ekoballar uchinchi shaxslar tomonidan to‘lov vositasi sifatida qabul qilinmaydi.

Raqamli kontent — “Yashil Meros 2.0” servisi doirasida foydalanuvchi tomonidan yaratiladigan, sotib olinadigan yoki foydalaniladigan virtual obyektlar va elementlar bo‘lib, ular jumlasiga (ammo ular bilan cheklanmagan holda) virtual daraxtlar, urug‘lar, bezaklar, maydonlar va boshqa interaktiv elementlar kiradi. Ekoballar evaziga raqamli kontent sotib olish foydalanuvchida mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlarni vujudga keltirmaydi.

Mazkur Kelishuvda “Atamalar va ta’riflar” bo‘limida belgilanmagan atamalardan foydalanilishi mumkin. Bunday holatda, bunday atamani talqin qilish Kelishuv matniga asosan amalga oshiriladi. Kelishuv matnida atama bir xil talqin qilinmagan holatda, birinchi navbatda – O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida, ikkinchi navbatda – Servisda belgilangan, so’ngra esa – Internet tarmog’ida e’tirof qilingan (umumiy ishlatiladigan) atama talqiniga amalga qilish kerak.

  1. UMUMIY QOIDALAR
    • Atrof-muhitni muhofaza qilishni targ‘ib qilish va ko‘kalamzorlashtirish faoliyatini ommalashtirish maqsadida Operator Mobil ilova foydalanuvchilariga O‘zbekiston Respublikasidagi ekologik masalalarga e’tiborni tortishga qaratilgan o‘yinlashtirish (geymifikatsiya) elementlarini o‘z ichiga olgan Servisdan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
    • Servisdan foydalanish tartibi va shartlarini belgilovchi Mazkur Foydalanuvchi Kelishuvi (keyingi o‘rinlarda "Kelishuv" deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367 va 369-moddalariga muvofiq, nomuayyan shaxslar doirasiga yoʻllangan ommaviy oferta hisoblanadi.
    • Servisdan foydalanish lotereya yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yin emas, Servisdan foydalanish uchun to‘lov undirilmaydi, shuningdek, Foydalanuvchilar Servisdan foydalanish bilan bog‘liq hech qanday mulkiy tavakkalchiliklarni zimmalariga olmaydi.
    • Servis maqsadi ekologik tashabbuslar to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va foydalanuvchilarda O‘zbekiston Respublikasida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha faoliyatda ishtirok etishga ishtiyoqni shakllantirishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi tadbirdir.
  1. SERVISDAN FOYDALANISH TARTIBI VA SHARTLARI
    • Servisga kirish uchun foydalanuvchi quyidagi harakatlarni bajarishi lozim:

- Mobil ilovada Servisga o‘tish;

-“Ishtirok etish” tugmasini bosish;

Yuqoridagi harakatlarni bajarish orqali Foydalanuvchi ushbu Kelishuv shartlari bilan tanishganini, shuningdek, ularga to‘liq va so‘zsiz roziligini  tasdiqlaydi (akseptlaydi), shuningdek, Servisning foydalanuvchisiga aylanadi.

  • Servisdan foydalanishni davom ettirish uchun Foydalanuvchi quyidagi harakatlarni bajarishi zarur:

- Servis interfeysida taqdim etilgan mexanizmlarga muvofiq ekoballarni to‘plash;

- ekoballar muayyan miqdorga yetganida ularni virtual daraxtlarni ekish va keyinchalik yetishtirish uchun ishlatish.

  • Virtual daraxtlarni ekish Servisning “Urug‘lar xaltasi” bo‘limini ochish, urug‘ turini tanlash hamda ushbu harakatlarni amalga oshirish uchun belgilangan miqdordagi ekoballarni Foydalanuvchining Servisdagi ichki balansidan yechib olinishi yo‘li bilan amalga oshiriladi.
  • Virtual daraxtlarni yetishtirish Servisning funksional elementlari orqali amalga oshiriladi, jumladan, sug‘orish, o‘g‘itlash hamda Servis interfeysida ko‘rsatilgan boshqa harakatlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu jarayon Servis tomonidan belgilangan vaqt oraliqlariga rioya etgan holda bajariladi. Daraxtlarga muntazam parvarish ko‘rsatish ularning o‘sishiga va yangi rivojlanish bosqichiga o’tish imkonini yaratadi.
  • Servis doirasida Foydalanuvchiga yangi virtual daraxtlarni ekish uchun hududni kengaytirish hamda Servisning funksionalligini saqlab qolish maqsadida o‘yin maydonini (bog‘ni) chiqindilardan tozalash imkoniyati taqdim etiladi.
  • O‘yin maydonining vizual ko‘rinishini bezash maqsadida Foydalanuvchi Servis interfeysida nazarda tutilgan raqamli kontentni o‘yin maydoniga joylashtirish imkonini beruvchi “Dekoratsiyalar” funksional imkoniyatidan foydalanishi mumkin.
  • “Sozlamalar” bo‘limi orqali foydalanuvchi o‘z virtual bog‘ining holatini nazorat qilishi, virtual daraxtlarning holatini (ekilgan, o‘smoqda, ekilishga tayyor) tekshirishi, bog‘ nomi va belgilarini o‘zgartirishi hamda interfeys tilini tanlashi mumkin.
  • Virtual daraxt o‘sishining maksimal darajasiga yetganidan so‘ng, tizim uni avtomatik tarzda “Daraxtlar ro‘yxati” bo‘limida qayd etadi. Mazkur bo‘limda daraxtning holati, o‘sish jarayonining yakunlangan sanasi hamda Operator tomonidan mustaqil ravishda yoki ekologiya sohasidagi vakolatli davlat organining tavsiyalari asosida belgilanadigan mo‘ljallangan yoki amaldagi ekish hududi aks ettiriladi.
  • Tegishli virtual daraxtning o‘sish jarayoni yakunlangandan so‘ng, Foydalanuvchi yangi urug‘ ekish va virtual daraxtni o‘stirish maqsadida Servisdan qayta foydalanish huquqiga ega bo‘ladi, bunda ekish va o‘stirish jarayoni avvalgi tartibda amalga oshiriladi.
  • Servisdan foydalanish davomida Foydalanuvchi tomonidan erishilgan natijalar Foydalanuvchining hisob qaydida avtomatik tarzda saqlanadi va Mobil ilovada aynan shu akkaunt orqali tizimga kirish sharti bilan boshqa qurilmaga o‘tkazilishi mumkin.
  • Qurilma almashtirilgan yoki yo‘qolgan taqdirda, foydalanuvchi o‘z akkauntiga qayta kirish orqali avvalgi natijalarni tiklashi mumkin.
  • Servisdan mazkur Ofertada nazarda tutilmagan maqsadlarda foydalanish yoki Servisning texnik, tashkiliy yoki o‘yin mantiqiga zid harakatlar Foydalanuvchining Servisga kirish huquqini vaqtincha cheklash, to‘xtatib qo’yish yoki bekor qilishga olib kelishi mumkin, bunda yetkazilgan zarar qoplanmaydi. Shu bilan birga, Operator Foydalanuvchining kirish huquqini vaqtincha cheklash, to‘xtatib qo’yish yoki bekor qilish bo‘yicha o‘z harakatlarini izohlash majburiyatiga ega emas.
  • Foydalanuvchi texnik xizmat ko‘rsatish, yangilanishlar kiritish, profilaktika ishlari olib borish yoki Servisdan foydalanish qoidalarining buzilishi holatlari aniqlanganda, Servisning yoki uning ayrim funksiyalarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi mumkinligini qabul qiladi va bunga rozilik bildiradi.
  • Foydalanuvchi Servis interfeysi orqali mavjud funksiyalar, ekoballar narxlari, ularni sotib olish tartibi, amaldagi aksiyalar, chegirmalar va bonuslar to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotni har qanday tranzaksiya tasdiqlanishidan avval tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
  1. EKOBALLARNI SOTIB OLISH VA ULARDAN FOYDALANISH TARTIBI
    • Ekoballar quyidagi usullar orqali to’planadi:

– Servis interfeysida nazarda tutilgan shartlarni bajarish orqali;

– Foydalanuvchining cashback funksiyasini o‘chirgan holda, unga hisoblanadigan cashbackni ekoballarga konvertatsiya qilish orqali;

– Ushbu Kelishuvda ko‘rsatilgan tartibda, pul mablag‘lari evaziga ekoballarni sotib olish orqali.

  • Pul mablag‘lari evaziga sotib olinadigan ekoballarning narxi O‘zbekiston Respublikasi so‘mida belgilanadi va xarid amalga oshirilish paytida Servis interfeysida ko‘rsatiladi. Foydalanuvchi to‘lovni tasdiqlashdan oldin ekoballarning soni va qiymati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo’ladi.
  • To‘lov faqat naqtsiz shaklda, foydalanuvchining Mobil ilovadagi shaxsiy akkauntiga ulangan bank kartasi orqali amalga oshiriladi.
  • Ekoballar muvaffaqiyatli sotib olinganligi fakti Mobil ilova interfeysida aks ettirilgan bildirishnoma orqali tasdiqlanadi, shundan so‘ng ekoballar avtomatik tarzda Foydalanuvchining Servisdagi ichki balansiga o‘tkaziladi.
  • Ekoballarni sotib olayotgan Foydalanuvchi ularning miqdori, narxi va funksional imkoniyatlari bilan tanishganini hamda ekoballar pul ekvivalentiga ega emasligini va ular faqat Servis doirasida foydalanilishi mumkinligini tasdiqlaydi. Foydalanuvchi, shuningdek, Operatorning ekoballarni qaytarish yoki qayta sotib olish majburiyati mavjud emasligiga rozilik bildiradi, bundan faqat O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan holatlar mustasno.
  • Ekoballardan faqat Servis doirasida quyidagi maqsadlarda foydalanish mumkin:

– virtual daraxtlarni ekish va ularni yetishtirish;

– o‘yin maydonini (bog‘ni) tozalash va yangi joylarni bo‘shatish;

– urug‘lar, bezak elementlari va boshqa raqamli kontentni sotib olish;

– Servisda nazarda tutilgan o‘yin mexanizmlari va funksiyalarni faollashtirish.

  • Operator ekoballar qiymatini, minimal va (yoki) maksimal sotib olish miqdorini, tranzaksiya cheklovlarini, shuningdek, texnik Servis ko‘rsatish davrlarini mustaqil ravishda belgilash va o‘zgartirish huquqiga ega.
  • Operator ekoballarni sotib olish bilan bog‘liq chegirmalar, bonuslar, maxsus takliflar va aksiyalar shartlarini mustaqil ravishda belgilash va o‘zgartirish huquqiga ega.
  • Agar Servis interfeysida boshqacha holat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ekoballar ularning ishlatilishiga qadar amal qiladi.
  • Ekoballar faqatgina Servis doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Foydalanuvchi ularidan Servisning amaldagi qoidalari va mexanizmlariga muvofiq ravishda foydalanishi mumkin.
  • Foydalanuvchi ekoballardan ushbu Kelishuvga muvofiq foydalanishi shart. Ekoballardan mazkur hujjat doirasida nazarda tutilmagan maqsadlarda foydalanish Kelishuv shartlarini buzish hisoblanadi va Operator tomonidan Foydalanuvchining Servisga kirishini cheklash, to‘xtatib qo’yish yoki bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.
  • Ekoballar Servisdan tashqarida pul yoki boshqa mol-mulk ekvivalentlariga almashtirilmaydi, uchinchi shaxslarga berilmaydi, o‘tkazilmaydi, hadya qilinmaydi hamda meros sifatida o‘tmaydi, bundan qonunchilikda bevosita belgilangan hollatlar mustasno.
  • Ekoballar evaziga sotib olingan raqamli kontent faqat Servis doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uchinchi shaxslarga o‘tkazilmaydi va sotilmaydi.
  • Foydalanuvchi tomonidan ekoballar raqamli kontent uchun sarflanganidan so‘ng ularning qiymati qaytarilmaydi.
  • Foydalanuvchi Servisdan foydalanish davrida Click tizimida nazarda tutilgan cashback funksiyasini o‘chirib, uning ekvivalentini ekoballar shaklida olishni tanlashi mumkin. Ushbu tanlov foydalanuvchi tomonidan Servis interfeysi orqali amalga oshiriladi va foydalanuvchi cashback funksiyasini qayta yoqmaganicha amal qiladi. Mazkur rejim amal qilayotgan davrda cashback Foydalanuvchiga hisoblanmaydi va keyinchalik orqaga qaytarilmaydi, cashback hisoblanishi faqat ekoballar shaklida amalga oshiriladi.
  • Cashback o‘rniga hisoblanadigan ekoballar miqdori Operator tomonidan belgilanadi va ogohlantirishsiz o‘zgartirilishi mumkin. Cashback va ekoballar o‘rtasidagi nisbat, ularning o‘zaro almashtirish va to‘xtatish shartlari Servis interfeysida ko‘rsatiladi.
  1. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
    • Operatorning majburiyatlari:
      • Foydalanuvchi Kelishuv talablariga rioya qilgan taqdirda Servisning to‘g‘ri ishlashini va ekoballarning o‘z vaqtida hisoblanishini ta’minlash;
      • Foydalanuvchiga ekoballarning narxi, miqdori va maqsadi to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumot berish.
    • Operatorning huquqlari:
      • Servis funksionalini, ekoballarni hisoblash qoidalarini hamda cashback bilan o‘zaro aloqadorlik mexanizmini o‘zgartirish;
      • Texnik ishlar olib borilayotganida yoki qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda Servisga kirishni vaqtincha to‘xtatib qo’yish;
      • Qoidabuzarlik natijasida hisoblangan ekoballarni bekor qilish;
      • Texnik nosozliklar, viruslar, noqonuniy aralashuv, soxtalashtirish yoki boshqa Operator tomonidan aniqlangan sabablarga ko‘ra Servisni yoki uning ayrim qismlarini to‘xtatish, o‘zgartirish yoki foydalanuvchini cheklash.
    • Foydalanuvchining majburiyatlari:
      • Ushbu Kelishuv shartlariga rioya qilish va Servisdan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalarga amal qilish;
      • Servisdan uning maqsadiga yoki amaldagi qonunchilik talablariga zid bo‘lgan maqsadlarda foydalanmaslik.;
      • O‘z hisob ma’lumotlari va maxfiy ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash.
    • Foydalanuvchining huquqlari:
      • Ekoballardan Servis funksionalligi doirasida foydalanish;
      • Servisda ishtirok etishni istalgan vaqtda to‘xtatish;
      • Amaldagi aksiyalar, koeffitsientlar va ekoballar narxlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish.
  1. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI
    • Operator telekommunikatsiya va energiya tarmoqlaridagi nosozliklar, zararli dasturlarning harakati, shuningdek, uchinchi shaxslarning Operator dasturiy ta’minotiga va (yoki) apparat majmuasiga ruxsatsiz kirishga va (yoki) o‘chirishga qaratilgan beruxsat harakatlari tufayli o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgar bo‘lmaydi.
    • Foydalanuvchi Servisdan foydalanish jarayonida taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va bajarilgan harakatlarning to‘g‘riligiga shaxsan javob beradi.
  2. YAKUNIY QOIDALAR
    • Ushbu Shartnoma bo‘yicha barcha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi asosida tartibga solinadi.
    • Shartnoma rus tilida tuzilgan bo‘lib, muddatsiz amal qiladi va foydalanuvchi tomonidan aksept amalga oshirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
    • Operator Shartnomaga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega. O‘zgartirishlar Mobil ilovada e’lon qilinadi va e’lon qilingan paytdan kuchga kiradi. Foydalanuvchi Shartnomaning amaldagi versiyasini mustaqil ravishda kuzatib borish majburiyatiga ega.
    • Tomonlar o‘rtasida yuzaga kelgan barcha nizolar muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi, kelishuvga erishilmagan taqdirda — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq hal qilinadi.