Firibgarlik va boshqa ruxsatsiz operatsiyalar holatlarida Foydalanuvchilarga pul mablag‘larini qaytarish to‘g‘risidagi siyosat

Versiya: 1.0

 

Atamalar va ta’riflar

Mazkur Siyosat maqsadlari uchun quyidagi asosiy atamalardan foydalaniladi:

Operator – Foydalanuvchi tomonidan Servisdan foydalanib To’lovlar / O’tkazmalar va O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa operasiyalarni amalga oshirilishida o’zaro texnik va axborot hamkorlikni ta’minlaydigan umumiy dasturiy-texnik va tashkiliy-huquqiy vositalar egasi hisoblangan «CLICK» AJ.

clickServisi / Servis – «CLICK» Aksiyadorlik jamiyati yagona huquqiy egasi hisoblangan, O’zbekiston Respublikasi banklariga hisobvaraqlarni masofaviy boshqarish xizmatini taqdim qilish, Servis foydalanuvchilariga esa, shu jumladan Yetkazib beruvchilar xizmatlari uchun to’lash, boshqa Kartalarga o’tkazmalarni amalga oshirish va masofaviy onlayn rejimida har qanday vaqtda va Servisning har qanday interfeysidan Servis funksionali doirasida foydalanish mumkin bo’lgan boshqa harakatlarni amalga oshirish imkonini beradigan dasturiy mahsulot.

Foydalanuvchilar – Servisda ro‘yxatdan o‘tgan va Operator xizmatlaridan foydalanadigan muomala layoqatiga ega jismoniy shaxslar.

Firibgarlik – Foydalanuvchining pul mablag‘larini noqonuniy egallashga qaratilgan uchinchi shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, fishing, ijtimoiy muhandislik, ruxsatsiz kirish va boshqa o‘xshash usullar.

Fishing – uchinchi shaxslar tomonidan Foydalanuvchining maxfiy ma’lumotlarini (shu jumladan OTP-kodlar, PIN-kodlar, to‘lov vositalari rekvizitlari) aldash yo‘li bilan, shu jumladan soxta xabarlar, saytlar yoki qo‘ng‘iroqlar orqali olishdan iborat firibgarlik usuli.

Nizoli operatsiya – Servisdan foydalangan holda Foydalanuvchining roziligisiz yoki firibgarlik harakatlari ta’sirida amalga oshirilgan hamda Foydalanuvchi pul mablag‘larini qaytarish to‘g‘risida ariza bergan to‘lov operatsiyasi.

Ariza — Nizoli operatsiya bo‘yicha Foydalanuvchining pul mablag‘larini qaytarish to‘g‘risida Operatorga Operator tomonidan belgilangan tartibda berilgan murojaati.

Ijtimoiy muhandislik – aldash, ishonchni suiiste’mol qilish yoki psixologik bosim o‘tkazish orqali Foydalanuvchini maxfiy axborotni oshkor etishga yoki yovuz niyatli shaxs manfaatlarida harakatlarni amalga oshirishga undashga qaratilgan Foydalanuvchiga nisbatan g‘ayriqonuniy ta’sir ko‘rsatish usuli.

Ruxsatsiz kirish – Foydalanuvchining hisob qayd yozuviga yoki uning qurilmasiga uchinchi shaxslar tomonidan Foydalanuvchining roziligisiz va uning irodasidan tashqari amalga oshirilgan kirish, shu jumladan begona, yo‘qotilgan yoki g‘ayriqonuniy olingan ma’lumotlardan foydalanish holatlari.

SIM-swap (SIM-kartani almashtirish) – ruxsatsiz kirish usuli bo‘lib, bunda uchinchi shaxs Foydalanuvchining SIM-kartasini qayta chiqaradi yoki tiklaydi, natijada uning abonent raqami ustidan nazoratni hamda SMS-xabarlar va qo‘ng‘iroqlarga, shu jumladan bir martalik tasdiqlash kodlariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

OTP-kod (One-Time Password) – autentifikatsiya qilish, operatsiyalarni tasdiqlash yoki Servisga kirish uchun foydalaniladigan, avtomatik tarzda shakllantirilgan belgilar ketma-ketligidan iborat bir martalik parol bo‘lib, foydalanilgandan so‘ng yoki amal qilish muddati tugagach o‘z kuchini yo‘qotadi.

Kiberhujum — kibermakonda apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalardan foydalangan holda qasddan amalga oshiriladigan, kiberxavfsizlikka tahdid soladigan harakat

Siyosatda “Atamalar va ta’riflar” bo‘limida belgilanmagan atamalardan foydalanilishi mumkin. Bunday holda ushbu atamaning talqini Siyosat matniga muvofiq amalga oshiriladi. Siyosat matnida atamaning bir ma’noli talqini mavjud bo‘lmagan taqdirda, atamaning quyidagicha belgilangan talqiniga amal qilinadi: birinchi navbatda — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, ikkinchi navbatda — Servisda, so‘ng — Internet tarmog‘ida shakllangan (umumiy qo‘llaniladigan) talqinga.

 

  1. Umumiy qoidalar

1.1. Operatorning mazkur Firibgarlik va boshqa ruxsatsiz operatsiyalar holatlarida Foydalanuvchilarga pul mablag‘larini qaytarish siyosati (keyingi o‘rinlarda — Siyosat) O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.

1.2. Siyosat Servisdan foydalangan holda amalga oshirilgan firibgarlik harakatlari natijasida moddiy zarar yetkazilgan Foydalanuvchilarga Operator tomonidan pul mablag‘larini qaytarish shartlari va tartibini belgilaydi.

  1. Pul mablag‘larini qaytarishni amalga oshirish shartlari

2.1. Operator Foydalanuvchini aldash, ishonchni suiiste’mol qilish yoki boshqa g‘ayriqonuniy ta’sir shakllari ta’sirida uchinchi shaxslarga bir martalik tasdiqlash kodlarini (OTP), PIN-kodlarni, to‘lov vositalari rekvizitlarini yoki boshqa maxfiy ma’lumotlarni bergan holatlarni, shuningdek Foydalanuvchining hisob qayd yozuviga ruxsatsiz kirish holatlarini (shu jumladan Foydalanuvchining xabarisiz noma’lum qurilmalar yoki IP-manzillardan kirish), SIM-kartani g‘ayriqonuniy qayta chiqarish (SIM-swap) holatlarini, shuningdek uchinchi shaxslar tomonidan kiberhujumlar sodir etilishi natijasida ruxsatsiz operatsiyalar amalga oshirilgan holatlarni mazkur Siyosat tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan holatlar sifatida e’tirof etadi.

2.2. Bitta Ariza bo‘yicha qaytariladigan pul mablag‘larining maksimal miqdori, shuningdek boshqa qo‘llaniladigan cheklovlar Operator tomonidan belgilanadi va Servis interfeysi orqali Foydalanuvchi e’tiboriga yetkaziladi.

2.3 Foydalanuvchi bitta akkaunt bo‘yicha siljib boruvchi 12 (o‘n ikki oylik) davr mobaynida 2 (ikki) martadan ko‘p bo‘lmagan holda Ariza bilan murojaat qilishga haqli. Siljib boruvchi davr pul mablag‘larini qaytarish bo‘yicha oxirgi ma’qullangan murojaat sanasidan hisoblanadi va kalendar yilga bog‘lanmaydi.

2.4. Qaytarish to‘g‘risidagi Ariza Nizoli operatsiya amalga oshirilgan paytdan e’tiboran 5 (besh) kalendar kundan kechiktirmay berilishi lozim. Ko‘rsatilgan muddatning o‘tkazib yuborilishi talabni qanoatlantirishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

2.5. Arizalarni ko‘rib chiqish vijdonlilik, xolislik, oqilonalik, tavakkalchilikka yo‘naltirilgan yondashuv, Foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish va suiiste’molliklarning oldini olish prinsiplariga asoslanadi.

  1. Pul mablag‘larini qaytarishni rad etish asoslari

3.1. Quyidagi holatlardan biri yoki bir nechtasi mavjud bo‘lgan taqdirda pul mablag‘lari qaytarilmaydi:

3.1.1. Foydalanuvchining firibgarlik sxemasida qasddan ishtirok etgani yoki uni amalga oshirishga ko‘maklashgani fakti aniqlangan bo‘lsa;

3.1.2. Foydalanuvchi operatsiyani aldash, bosim o‘tkazish yoki chalg‘itish alomatlari mavjud bo‘lmagan holda amalga oshirgani tasdiqlansa;

3.1.3. Foydalanuvchi belgilangan tartibda identifikatsiya va (yoki) verifikatsiya tartib-taomillaridan o‘tmagan bo‘lsa;

3.1.4. Nizoli operatsiya Servisdan foydalanish shartlari buzilgan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, shu jumladan Foydalanuvchi o‘z shaxsiy ma’lumotlarini qasddan, til biriktirgan holda va qo‘pol ehtiyotsizlik bilan oshkor etgan holatlar;

3.1.5. Foydalanuvchi Servisning faol sessiyasi mavjud bo‘lgan o‘z qurilmasini uchinchi shaxslarga bergan bo‘lsa;

3.1.6. Nizoli operatsiya summasi Servis interfeysida ko‘rsatilgan Operator tomonidan belgilangan qaytarish limitidan oshsa;

3.1.7. Ariza mazkur Siyosatning 2.4-bandida belgilangan muddat o‘tganidan keyin berilgan bo‘lsa yoki Operator tomonidan belgilangan murojaatlar chastotasi va boshqa parametrlar oshirib yuborilgan bo‘lsa.

  1. Arizani berish va ko‘rib chiqish tartibi

4.1. Foydalanuvchi Nizoli operatsiya to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etgan va Operator tomonidan nazarda tutilgan usullar bilan o‘z shaxsini tasdiqlagan holda Ariza bilan Operatorning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga (Contact center) murojaat qiladi.

4.2. Operator Foydalanuvchidan operatsiya amalga oshirilgan holatlarni aniqlash uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlar va hujjatlarni so‘rashga haqli.

4.3. Arizani ko‘rib chiqishda Operator texnik, tranzaksion, xulq-atvor va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan qurilma, IP-manzil, autentifikatsiya usullari, operatsiyalar tarixi, Foydalanuvchiga yuborilgan bildirishnomalar haqidagi ma’lumotlarni, shuningdek banklar, aloqa operatorlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan qonunchilik doirasida olingan axborotni hisobga olishga haqli, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda:

   

— avtorizatsiya loglari;

    — qurilma ma’lumotlari;

    — IP-manzillar va geolokatsion belgilar;

    — qurilma/raqamni almashtirish tarixi;

    — biometriya/OTP/PIN mavjudligi;

    — Foydalanuvchi murojaat qilgan vaqt;

    — firibgarlar bilan yozishmalar/qo‘ng‘iroqlar, agar taqdim etilgan bo‘lsa;

    — emitent bankdan olingan ma’lumotlar;

    — aloqa operatoridan olingan ma’lumotlar;

    — to‘lovni oluvchi haqidagi ma’lumotlar;

    — mule-hisobvaraqlar/shubhali oluvchilar alomatlari;

    — antifrod-monitoring natijalari.

4.4. Arizani ko‘rib chiqish Ariza berilgan paytdan e’tiboran 10 (o‘n) ish kuni ichida amalga oshiriladi.

4.5. Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Operator pul mablag‘larini qaytarish yoki qaytarishni rad etish to‘g‘risida asoslantirilgan sabablarni ko‘rsatgan holda qaror qabul qiladi.

4.6. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, qoplash 30 (o‘ttiz) ish kuni ichida pul mablag‘larini Nizoli operatsiya amalga oshirilgan Foydalanuvchining bank kartasiga yoki Foydalanuvchi Arizasida ko‘rsatilgan bank kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Qoplash summasini o‘tkazish Operator tomonidan belgilangan istalgan boshqa usulda amalga oshirilishi mumkin.

  1. Tomonlarning huquqlari va majburiyatlari

5.1. Foydalanuvchi quyidagilarga majbur:

5.1.1. Operator tomonidan yuboriladigan xabarlarni, shu jumladan mobil ilovalardagi bildirishnomalar, SMS- va PUSH-bildirishnomalarni diqqat bilan va vijdonan o‘rganish, shuningdek to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishda ularda mavjud bo‘lgan axborotni hisobga olish;

5.1.2. operatsiyalarni amalga oshirish va tasdiqlashda, shu jumladan Operatordan ehtimoliy firibgarlik yoki shubhali operatsiyalar alomatlari to‘g‘risida bildirishnomalar olingan taqdirda oqilona ehtiyotkorlik ko‘rsatish;

5.1.3. qurilma yo‘qotilganligi yoki uchinchi shaxslar unga kirish imkoniyatini olganligi fakti aniqlangan paytdan boshlab darhol, lekin har qanday holatda ham bir kalendar kundan kechiktirmay Operatorni bu haqda xabardor qilish;

5.1.4. Operatorga o‘zaro aloqalar uchun zarur bo‘lgan dolzarb va ishonchli aloqa ma’lumotlarini taqdim etish, shuningdek ular o‘zgargan taqdirda bunday o‘zgarish sanasidan e’tiboran 3 (uch) kalendar kundan kechiktirmay bu haqda xabardor qilish;

5.1.5. Operator so‘roviga ko‘ra amalga oshirilgan operatsiyaning xususiyati to‘g‘risida axborot taqdim etish, shu jumladan operatsiya foydalanuvchining o‘zi tomonidan shaxsan yoki uning roziligi bilan yoxud uning ko‘rsatmasiga ko‘ra uchinchi shaxslar tomonidan amalga oshirilgan-oshirilmaganligi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish, shuningdek ehtimoliy firibgarlik harakatlari bilan bog‘liq unga ma’lum bo‘lgan barcha holatlar haqida xabar berish. Foydalanuvchi tomonidan so‘ralgan axborotning taqdim etilmasligi, ishonchsiz ma’lumotlarning taqdim etilishi yoki tekshiruvga ko‘maklashishdan bosh tortilishi, agar bunday axborotsiz Nizoli operatsiya holatlarini aniqlash imkoni bo‘lmasa, Arizani ko‘rib chiqishni to‘xtatib turish yoki qaytarishni rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin.

5.2. Operator quyidagilarga haqli:

5.2.1. ichki tartib-taomillar va avtomatlashtirilgan tahlil tizimlaridan foydalangan holda Nizoli operatsiyalar amalga oshirilgan holatlarni tekshirish;

5.2.2. Foydalanuvchidan va uchinchi shaxslardan Arizani ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan axborot va hujjatlarni so‘rash;

5.2.3. firibgarlik alomatlari yoki foydalanish shartlari buzilganligi mavjud bo‘lgan taqdirda to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishni to‘xtatib turish, akkauntga yoki Servisning ayrim funksiyalariga kirishni cheklash;

5.2.4. mazkur Siyosatda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda pul mablag‘larini qaytarishni rad etish;

5.2.5. Nizoli operatsiyalar va Foydalanuvchilar to‘g‘risidagi axborotni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda va tartibda vakolatli davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga berish;

5.2.6. aybdor shaxslardan, pul mablag‘larini oluvchilardan, vositachilardan va boshqa shaxslardan tegishli summalarni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda undirish choralarini ko‘rish;

5.2.7. qaytarish parametrlarini (limitlar, muddatlar, shartlar) bir tomonlama tartibda belgilash va o‘zgartirish hamda bu haqdagi axborotni Servis interfeysi orqali Foydalanuvchilarga yetkazish. Limit o‘zgarishlari Operator tomonidan bunday qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Limit o‘zgarishlari bunday o‘zgarishlar kuchga kirgan sanaga qadar berilgan Arizalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

  1. Operator qarori ustidan shikoyat qilish tartibi

6.1. Foydalanuvchi qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi bildirishnomani olgan paytdan e’tiboran 14 (o‘n to‘rt) kalendar kun ichida shikoyat murojaatini berish yo‘li bilan pul mablag‘larini qaytarishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilishga haqli.

6.2. Shikoyat murojaatini ko‘rib chiqish muddati Operator tomonidan murojaat olingan sanadan e’tiboran 15 (o‘n besh) ish kunini tashkil etadi.

6.3. Shikoyat murojaatini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Operator qarori o‘zgarishsiz qoldirilishi yoki Foydalanuvchi foydasiga qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Takroran ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror Operatorning ichki tartib-taomili doirasida yakuniy hisoblanadi va Foydalanuvchining vakolatli davlat organlariga yoki sudga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish huquqini cheklamaydi.

  1. Javobgarlikni cheklash

7.1. Operatorning Nizoli operatsiya summasini qoplash bo‘yicha majburiyati faqat mazkur Siyosatda nazarda tutilgan shartlarga rioya qilinganda vujudga keladi va Operator tomonidan belgilangan hamda Servis interfeysi orqali foydalanuvchi e’tiboriga yetkazilgan parametrlar (shu jumladan limitlar, muddatlar va boshqa shartlar) bilan cheklanadi.

  1. Yakuniy qoidalar

8.1. Mazkur Siyosat Servisda e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi va u bekor qilingunga yoki yangi tahrir bilan almashtirilgunga qadar amal qiladi.

8.2. Ariza berish orqali Foydalanuvchi Nizoli operatsiya bilan bog‘liq ma’lumotlarni, shu jumladan texnik, tranzaksion va boshqa ma’lumotlarni Arizani ko‘rib chiqish, firibgarlikning oldini olish va qonunchilik talablarini bajarish maqsadlarida qayta ishlash hamda davlat va vakolatli organlarga taqdim etishga o‘zining bevosita va aniq roziligini beradi.

8.3. Mazkur Siyosat bilan tartibga solinmagan barcha masalalarda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga amal qiladilar.