23.07.2025

Click va Halyk Bank strategik hamkorlikni e’lon qiladi: Tenge Bank bitimning asosiy qismiga aylanadi

Toshkent, 2025-yil 23-iyul – O‘zbekistonning yetakchi to‘lov tashkiloti Click va Markaziy Osiyodagi eng yirik moliyaviy guruh Halyk Bank O‘zbekiston xususiy sektori tarixidagi eng yirik bitim bo‘lgan strategik hamkorlikni e’lon qildi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Halyk Bank Click kompaniyasining 49% ulushini 176,4 million AQSh dollariga sotib oladi, Click aksiyadorlari esa Tenge Bankning 49% aksiyalarini 60,76 million AQSh dollariga sotib oladi. Bitim tuzilmasi tomonlarga yaqin hamkorlikda ishlash imkonini beradi, shu bilan birga har bir kompaniyaning yuridik mustaqilligi saqlanib qolinadi.

Click va Halyk Bank’ning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi – ATB “Tenge Bank” o‘rtasidagi hamkorlik mamlakat bozorida ilg‘or moliyaviy xizmatlarni taqdim etish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bu miqyosdagi investitsiyalar mamlakat moliyaviy tizimiga va uning ishtirokchilariga bo‘lgan ishonch yuqori darajada ekanligini, shuningdek, mintaqaviy raqamli transformatsiya salohiyatining ulkanligini aks ettiradi.
20 milliondan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga ega Click hozirda O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Tenge Bank esa keng ko’lamli bank xizmatlarini raqobatbardosh shartlarda, raqamlashtirish va ochiqlikka urg’u bergan holda taklif qilib bozordagi faoliyatini jadal suratlarda kengaytirmoqda.

Bu Click kompaniyasi uchun tarixiy lahza. Halyk Bank bilan hamkorlik va Tenge Bank bilan imkoniyatlarni kengaytirish – millionlab foydalanuvchilarga jahon darajasidagi raqamli moliyaviy xizmatlarni taqdim etish yo‘lida muhim qadamdir. Shu bilan birga, Click aksiyalarining nazorat paketi amaldagi aksiyadorlarda qoladi va, albatta, kompaniya milliy brend yo‘lini davom ettiradi”, — dedi Click bosh direktori Rustamov Ulug‘bek.

Click millionlab foydalanuvchilar uchun odatiy bo’lgan formatda o’z faoliyatini davom ettiradi. Ilovaga turli klub mahsulotlari va hamkorlarning mini-ilovalari integratsiya qilinuvchi Click SuperApp strategiyasi ham foydalanuvchilar, ham biznes uchun o’z samaradorligini allaqachon isbotlagan. Tenge Bank esa o’z navbatida chakana va korporativ bank mahsulotlarini rivojlantirishni davom ettiradi.

Kompaniyalar o‘rtasidagi sinergiya doirasida Click’ning 20 milliondan ortiq foydalanuvchilari Tenge Bank’ning zamonaviy va manfaatli takliflaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, B2B sektorida ham yirik loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda: Click bilan hamkorlik qilayotgan 70 mingdan ortiq xizmatlar korporativ bank mahsulotlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Bu tadbirkorlar uchun to‘lov va bank yechimlari yagona raqamli muhitga birlashtirilgan yagona raqamli tizimni yaratadi.

Hamkorlik O‘zbekiston xususiy sektorining xalqaro maydondagi pozitsiyalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi va Markaziy Osiyodagi investitsion muhit rivojiga sezilarli hissa qo‘shadi.

Bitim ishtirokchi davlatlar qonunchiligiga to‘liq muvofiq holda amalga oshirilmoqda. Tomonlar barcha tegishli davlat organlariga zarur hujjatlarni taqdim etmoqda va kerakli ruxsatnomalarni olish uchun regulyatorlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Tomonlarning operatsion va yuridik faoliyatining mustaqilligi saqlab qolinishi hisobga olingan holda, kelishuv qisqa muddatda kuchga kirishi kutilmoqda. 

Click haqida
Click – 20 milliondan ortiq foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatuvchi va onlayn to‘lovlar bozorida birinchi o’rinni egallovchi O‘zbekistonning yetakchi fintex kompaniyasidir. 2024-yilda Click to’lov va sug’urtalashdan tortib yetkazib berish, xayriya va avtomobilga xizmat ko’rsatishgacha bo’lgan shaxsiy va hamkorlarning xizmatlarini birlashtirgan superappga aylangan. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya daromadi 35,3% ga, foydasi esa 37,5% ga o’sgan. Click O‘zbekistondagi №1 to‘lov tashkiloti litsenziyasiga ega, PCI DSS 4.0 standarti bo‘yicha sertifikatlangan, sun’iy intellekt, “yashil” energiya loyihalariga sarmoya kiritadi va Yashil Meros hamda Inson Uchun ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Tenge Bank haqida
ATB “Tenge Bank” – korporativ va xususiy mijozlarga zamonaviy bank texnologiyalarini qo‘llagan holda keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlarni taqdim etuvchi universal bankdir. Ayni paytda Tenge Bank 100% “Qozog‘iston Xalq Banki” (Halyk Bank) AJ ga tegishli sho‘ba korxonadir.

2025-yilning 31-mart holatiga ko‘ra, Tenge Bankning UFRS bo‘yicha jami kredit portfeli 4,5 trillion so‘mdan, UFRS bo‘yicha jami aktivlari esa 7,7 trillion so‘mdan oshdi.

2024 yilda Tenge Bank mamlakatda birinchi bo'lib tadbirkorlar uchun raqamli onboarding va raqamli kreditlashni yo'lga qo'ydi.

Bank “Moody’s” xalqaro reyting agentligidan O‘zbekistonning suveren reytingi – Ba3 darajasidagi kredit reytingiga ega, prognozi “Barqaror”. 2024-yilda Tenge Bank Global Finance reytingi bo‘yicha O‘zbekistonning eng yaxshi banki deb topilgan, shuningdek, Global Banking & Finance Awards mukofotining “O‘zbekistonning eng yaxshi korporativ banki”, “Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun eng innovatsion raqamli kredit mahsulotlari” va Xalqaro moliyaning “Eng yaxshi xorijiy banki” mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Operatsion faoliyatning uzluksizligi
Click va Tenge Bank yuridik shaxs sifatida mustaqil faoliyat yuritishni davom ettiradi. Barcha mijozlar ilgari mavjud shartlar asosida xizmat ko‘rsatishda davom etadi, barcha amaldagi shartnomalar o‘z kuchida qoladi va ikkala kompaniya ham o‘z majburiyatlarini to‘liq va o‘z vaqtida bajaradi.

Halyk Bank haqida
Halyk Bank – chakana, kichik va o‘rta biznes, korporativ bank xizmatlari, sug‘urta, lizing, brokerlik xizmatlari, aktivlarni boshqarish va layfstayl-xizmatlar sohalarida faoliyat yurituvchi Qozog‘istonning yetakchi moliyaviy guruhi hisoblanadi. Bank 1998-yildan beri Qozog‘iston fond birjasida, 2006-yildan beri London fond birjasida va 2019-yildan beri “Astana” xalqaro birjasida kotirovka qilinadi.
2025-yil 31-mart holatiga ko‘ra, Bankning umumiy aktivlari 18 855,9 milliard tengega yetgan bo‘lib, uni Qozog‘istondagi eng yirik kreditorlardan biriga aylantirgan. Bank mamlakatdagi eng yirik mijozlar bazasiga ega va eng keng filiallar tarmog‘iga ega – butun mamlakat bo‘ylab 542 ta filial va bo‘limlar mavjud. Shuningdek, bank Gruziya va O‘zbekistonda ham faoliyat yuritadi.

OAV uchun aloqa: click@montfort.london
Gulnoza Davlatmendova: davletmendova.g@corp.click.uz, +998 94 888 14 70