Kiberfiribgarlik haqidagi xabarlar yuzasidan Click kompaniyasining rasmiy izohi
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotlariga tayanib, Click nomi tilga olingan kiberfiribgarlik holatlari haqida xabarlar tarqalmoqda.
Foydalanuvchilarning xavotirini tushungan holda, ushbu ma’lumotlarga izoh bermoqchimiz. Firibgarlik haqidagi xabarlarda Click nomining tilga olinishi ilova yoki kompaniya infratuzilmasiga buzib kirilganini anglatmaydi. Bunday holatlarning katta qismi ijtimoiy muhandislik bilan bog‘liq — firibgarlar insonni chalg‘itib, uni mustaqil ravishda pul o‘tkazishga yoki qurilmasiga kirish imkonini berishga ko‘ndiradi.
Click 25 milliondan ortiq foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi va har kuni katta hajmdagi operatsiyalarni qayta ishlaydi. Shu sababli kompaniya xavfsizlik darajasini baholashda murojaatlarning mutlaq soni bilan birga, firibgarlik holatlarining umumiy operatsiyalar hajmiga nisbatini ham hisobga oladi. Click ichki ma’lumotlariga ko‘ra, Ichki nazorat departamenti faoliyati, antifrod tizimi va boshqa himoya vositalari tufayli ushbu ko‘rsatkichda barqaror ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda.
Tizimda ko‘p bosqichli antifrod yechimlari, jumladan, kompaniyaning o‘z texnologiyalari va hamkorlarning vositalari qo'llaniladi. Ular firibgarlik harakatlarini foydalanuvchiga zarar yetkazilishidan oldin aniqlash va to‘xtatishga yordam beradi. Kompaniya firibgarlikning yangi usullarini hisobga olgan holda ushbu mexanizmlarni doimiy ravishda takomillashtirib boradi.
Shu bilan birga, Click firibgarlikning oldini olish bilan cheklanmaydi va foydalanuvchi uning qurboniga aylangan taqdirda ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Tekshiruv natijasida firibgarlik holati tasdiqlansa, kompaniya mablag‘larni qaytaradi. Murojaat yuborish uchun Click SuperApp’da «Firibgarlik haqida xabar berish (https://promo.click.uz/2HUz/9dflvyu8)» mini-ilovasi mavjud.
«Biz operatsiya qanday sharoitda amalga oshirilganini aniqlash uchun har bir firibgarlik holatini diqqat bilan o‘rganamiz va texnik ma’lumotlarni tahlil qilamiz. Vazifamiz — texnologik himoyani takomillashtirish bilan birga, foydalanuvchilarga o‘z ma’lumotlarini berib qo‘yishidan yoki pul o‘tkazishidan oldin aldovga urinishlarni aniqlashda yordam berish», — deydi Click Ichki nazorat departamenti direktori Elyor Primov.
Eslatib o‘tamiz: Click xodimlari hech qachon SMS-kod va PIN-kodlarni so‘ramaydi hamda pulni «saqlab qolish» uchun boshqa hisobga o‘tkazishni taklif qilmaydi. Agar sizni shoshiltirishsa, mablag‘laringizni yo‘qotishingiz bilan qo‘rqitishsa yoki noodatiy harakatlarni bajarishingizni so‘rashsa, suhbatni to‘xtating va tashkilotning rasmiy raqamiga o‘zingiz qo‘ng‘iroq qiling.
Agar firibgarlikka duch kelgan bo‘lsangiz, Click SuperApp’dagi «Firibgarlik haqida xabar berish» mini-ilovasi orqali murojaat yuboring. Agar maxfiy ma’lumotlaringizni aytib qo‘ygan yoki shubhali pul o‘tkazmasini amalga oshirgan bo‘lsangiz, kartani chiqargan bankka hamda +998 71 231 08 80 raqami orqali Click qo‘llab-quvvatlash xizmatiga ham murojaat qiling.